Jinoyat-protsessual kodeksi 176-modda. Qoʻshimcha va qayta ekspertizalar

Qoʻshimcha ekspertiza ekspert (ekspertlar komissiyasi) xulosasidagi boʻshliqlarning oʻrnini toʻldirish uchun tayinlanadi va shu yoki boshqa ekspert (ekspertlar komissiyasi) tomonidan oʻtkaziladi. Ekspert (ekspertlar komissiyasi) xulosasi asoslantirilmaganda yoki uning toʻgʻriligiga shubha tugʻilganda yoxud unga asos qilib olingan dalillar ishonchli emas deb topilganda yoki ekspertizani oʻtkazishning protsessual qoidalari jiddiy buzilganda qayta ekspertiza tayinlanadi. Qayta ekspertiza tayinlanganda ekspert (ekspertlar komissiyasi) oldiga ilgari qoʻllanilgan ekspert tekshiruvi usullarining ilmiy asoslanganligi toʻgʻrisidagi masala qoʻyilishi mumkin. Qayta ekspertizani tayinlash toʻgʻrisidagi qarorda yoki ajrimda qayta ekspertizani tayinlagan organning (shaxsning) birinchi (oldingi) ekspertiza xulosasiga qoʻshilmaganligi sabablari koʻrsatilishi lozim. Qayta ekspertizani oʻtkazish boshqa ekspertga (ekspertlar komissiyasiga) topshiriladi. Birinchi (oldingi) ekspertizani oʻtkazgan ekspert (ekspertlar komissiyasi) qayta ekspertizani oʻtkazishda hozir boʻlishi va tushuntirishlar berishi mumkin, lekin u ekspert tekshiruvini oʻtkazish va xulosa tuzishda ishtirok etmaydi.