Jinoyat-protsessual kodeksi 198-modda. Narsalarni ularning egasi boʻlmish shaxslar tashabbusi bilan surishtiruvchi, tergovchi yoki sudga taqdim qilish

Fuqarolar, shuningdek korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslari oʻz fikrlariga koʻra ish uchun ahamiyatga molik boʻlgan narsalarni surishtiruvchi, tergovchi yoki sudga taqdim qilishga haqlidir. Surishtiruvchi, tergovchi yoki sud taqdim qilingan narsani ushbu Kodeksning 136 , 137 , 139 va 140-moddalarida bayon qilingan qoidalarga asosan koʻzdan kechirishi, agar taqdim qilingan narsani ish uchun ahamiyatli deb topsa yoki kelgusida ahamiyati boʻlishi mumkin deb hisoblasa, uni qabul qilishi shart. Shuningdek ushbu ish uchun ahamiyatli boʻlmagan, lekin muomaladan chiqarilgan narsalar (qurollar, giyohvandlik vositalari, pornografiya nashrlari va boshqalar) ham qabul qilib olinishi lozim. Ish uchun ahamiyatli boʻlmagan va muomaladan chiqarilmagan narsalar taqdim qilingan hollarda, surishtiruvchi, tergovchi yoki sud ularni koʻzdan kechirib boʻlganidan keyin egalariga darhol qaytarib beradi.