Jinoyat-protsessual kodeksi 204-2-modda. Raqamli dalillar

Ish uchun ahamiyatga ega boʻlgan holatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud boʻlgan elektron maʼlumotlar, shu jumladan elektron tarzdagi fayllar, audio-, videoyozuvlar, Internet jahon axborot tarmogʻida saqlanayotgan maʼlumotlar, shuningdek boshqa elektron maʼlumotlar raqamli dalillardir. Raqamli dalildan koʻchirma nusxa olishga, basharti uning yaxlitligi va aynan oʻxshashligi saqlansa, yoʻl qoʻyiladi. Raqamli dalildan koʻchirma nusxa olishga yoʻl qoʻyilishi oʻzidan mazkur koʻchirma nusxa olingan raqamli dalilning asli mavjudligi bilan taʼminlanadi. Guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va boshqa shaxslar raqamli dalillarning koʻchirma nusxalarini qogʻozda chop etilgan shaklda taqdim etish huquqiga ega. Bunda raqamli dalilning qogʻozdagi shakli yozma dalil deb hisoblanishi mumkin emas. Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, tergov va sud jarayonida tuzilgan protsessual bayonnomalarga ilova qilingan, elektron maʼlumotlar tarzida shakllantirilgan audio-, videoyozuvlar ham raqamli dalillar hisoblanadi. Raqamli dalilning koʻchirma nusxasi ish materiallari bilan birga saqlanadi.