Jinoyat-protsessual kodeksi 218-modda. Ushlab turilgan, qamoqqa olingan yoki tibbiy muassasaga joylashtirilgan shaxsning qaramogʻidagilarga homiylik qilish va uning mol-mulkini qoʻriqlash choralari

Ushlab turilgan, qamoqqa olingan yoki ekspertiza oʻtkazish uchun tibbiy muassasaga joylashtirilgan shaxsning qarovsiz va yordamga muhtoj voyaga yetmagan farzandlari, keksaygan ota-onalari, boshqa boqimlari boʻlganda surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud ularni qarindoshlarining yoki boshqa shaxslar yoxud muassasalarning vasiyligiga yoki homiyligiga topshirishi, majburlov chorasi qoʻllanilgan shaxsning nazoratsiz qolayotgan mol-mulki yoxud uy-joyi boʻlsa, ularni qoʻriqlash chorasini koʻrishi shart. Shaxsning qaramogʻidagilarga homiylik qilish va uning mol-mulkini qoʻriqlash toʻgʻrisidagi koʻrsatilgan choralar ushlab turish tarzidagi protsessual majburlov chorasini qoʻllagan tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi tomonidan ham koʻrilishi shart.