Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud jinoyat yuz berganligini, uning sodir etilishida kim aybdorligini, shuningdek u bilan bogʻliq barcha holatlarni aniqlashi shart. Ish boʻyicha haqiqatni aniqlash uchun faqat ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda topilgan, tekshirilgan va baholangan maʼlumotlardan foydalanish mumkin. Gumon qilinuvchidan, ayblanuvchidan, sudlanuvchidan, jabrlanuvchidan, guvohdan va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslardan zoʻrlash, qoʻrqitish, huquqlarini cheklash va qonunga xilof boʻlgan oʻzgacha choralar bilan koʻrsatuvlar olishga harakat qilish man etiladi. Ish boʻyicha isbotlanishi lozim boʻlgan barcha holatlar sinchkovlik bilan, har tomonlama, toʻla va xolisona tekshirib chiqilishi kerak. Ishda yuzaga keladigan har qanday masalani hal qilishda ayblanuvchini yoki sudlanuvchini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan, shuningdek uning javobgarligini ham yengillashtiradigan, ham ogʻirlashtiradigan holatlar aniqlanishi va hisobga olinishi lozim. Dalillarni toʻplash va mustahkamlashda ruxsat berilmagan usullar qoʻllanilganligi toʻgʻrisidagi murojaatlar qonunchilikda belgilangan tartibda sud-tibbiy ekspertizasi yoki boshqa ekspertiza oʻtkazilgan holda majburiy tekshirilishi lozim.