Jinoyat-protsessual kodeksi 241-modda. Ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror ustidan shikoyat berish va protest bildirish

Ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror ustidan tergovni nazorat qilayotgan, uni bekor qilishga yoki oʻzgartirishga haqli boʻlgan prokurorga shikoyat berilishi mumkin. Prokuror shikoyatni olgan paytdan eʼtiboran uch sutka ichida uni koʻrib chiqishi hamda shikoyat bergan shaxsni oʻz qaroridan xabardor etishi shart. Surishtiruv yoki dastlabki tergov bosqichida qamoqqa olish, uy qamogʻi, garov tarzidagi ehtiyot choralarini qoʻllash haqidagi yoki qamoqda saqlash, uy qamogʻi muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi yoxud uy qamogʻi boʻyicha qoʻshimcha taqiq (cheklov) belgilash haqidagi masala yuzasidan sudning ajrimi ustidan mazkur ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran yetmish ikki soat ichida apellyatsiya tartibida shikoyat berilishi, protest bildirilishi mumkin. Shikoyat, protest ajrim chiqargan sud orqali beriladi, ushbu sud ularni yigirma toʻrt soat ichida materiallar bilan birga apellyatsiya instansiyasi sudiga yuborishi shart. Apellyatsiya instansiyasi sudining sudyasi ushbu materiallarni shikoyat yoki protest bilan birga kelib tushgan paytdan eʼtiboran yetmish ikki soatdan kechiktirmay yakka tartibda koʻrib chiqishi kerak. Shikoyat yoki protest berilishi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi masala boʻyicha qaror ijrosini toʻxtatib qoʻymaydi. Sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan shaxs mazkur ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ajrim ustidan u tegishli vakolatli organga keltirilgan paytdan eʼtiboran yetmish ikki soat ichida sud tartibida shikoyat qilishga haqli.