Qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasi faqat ushlab turilgan gumon qilinuvchiga yoki ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilingan shaxsga nisbatan qoʻllanilishi mumkin. Qonunda nazarda tutilgan holatlar mavjud boʻlganda va surishtiruv yoki dastlabki tergov davomida qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasi tanlanganda prokuror, shuningdek prokurorning roziligi bilan surishtiruvchi yoki tergovchi qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqida qaror chiqaradi. Qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqidagi qarorda ushlab turilgan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchini qamoqqa olish yoki uni uy qamogʻiga joylashtirish zaruratini keltirib chiqargan asoslar bayon qilinadi. Prokuror qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi iltimosnomaning asosliligini tekshirib, unga rozi boʻlgan taqdirda, iltimosnoma qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi qaror va zarur materiallarni sudga yuboradi. Agar iltimosnoma ushlab turilgan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchiga nisbatan qoʻzgʻatilayotgan boʻlsa, qaror va koʻrsatilgan materiallar ushlab turish muddati tugashidan kamida sakkiz soat oldin sudga taqdim qilinishi kerak. Qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi iltimosnoma jinoyat sodir etilgan yoki surishtiruv, dastlabki tergov yuritilayotgan joydagi jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudining tergov sudyasi tomonidan, mazkur sudning sudyasi boʻlmaganda esa yoxud qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi materialni koʻrib chiqishda uning ishtirokini istisno etuvchi holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi raisining koʻrsatmasiga binoan boshqa tegishli sudning tergov sudyasi tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqiladi. Qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzid