Basharti ayblanuvchi, sudlanuvchi oʻz ish joyida qolsa, jinoyat ishi boʻyicha haqiqatni aniqlashga yoki jinoyat oqibatida yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashga toʻsqinlik qiladi yoxud jinoiy faoliyatini davom ettiradi, deb hisoblashga yetarli asoslar mavjud boʻlsa, ular lavozimidan chetlashtirilishi mumkin. Ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish toʻgʻrisidagi masala ushbu bobda belgilangan tartibda, sudlanuvchini lavozimidan chetlashtirish haqidagi masala esa ushbu Kodeksning 423 , 438-moddalarida nazarda tutilgan tartibda sud tomonidan hal qilinadi. Ayblanuvchini, sudlanuvchini lavozimidan chetlashtirish mazkur protsessual majburlov chorasini qoʻllash uchun asos boʻlgan holatlar bekor boʻlguniga qadar oʻtgan vaqt mobaynida qoʻllaniladi. Ayblanuvchini, sudlanuvchini lavozimidan chetlashtirish tarzidagi protsessual majburlov chorasi qaror chiqargan sudni albatta xabardor etgan holda surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sud tomonidan bekor qilinadi. Ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish tarzidagi protsessual majburlov chorasini qoʻllash rad qilingan yoki u bekor qilingan taqdirda, aynan oʻsha ayblanuvchiga nisbatan mazkur masala boʻyicha takroran sudga murojaat qilishga lavozimdan chetlashtirish uchun asos boʻladigan yangi holatlar yuzaga kelganda yoʻl qoʻyiladi.