Jinoyat-protsessual kodeksi 256-modda. Ishni sudga qadar yuritish bosqichida ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish

Ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish uchun asoslar mavjud boʻlganda prokuror, tergovchi va surishtiruvchi ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqida mazkur protsessual majburlov chorasini qoʻllash asoslarini bayon etgan holda qaror chiqaradi. Ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqidagi qarorda: lavozimidan chetlashtiriladigan shaxs haqidagi maʼlumotlar; uning ish joyi; lavozimdan chetlashtirish asoslari koʻrsatiladi. Qarorga iltimosnomani asoslovchi zarur materiallar ilova qilinadi. Surishtiruvchining, tergovchining ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqidagi qarori va zarur materiallar prokurorga yuboriladi. Prokuror ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnomaning asosliligini tekshirib, unga rozi boʻlgan taqdirda, ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqidagi qarorni va zarur materiallarni sudga yuboradi.