Jinoyat-protsessual kodeksi 290-1-modda. Mol-mulkni xatlash toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish

Mol-mulkni xatlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma surishtiruv yoki dastlabki tergov yuritilayotgan joydagi jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudining tergov sudyasi tomonidan, mazkur sudning sudyasi boʻlmagan yoxud mol-mulkni xatlash toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqishda uning ishtirokini istisno etuvchi holatlar mavjud boʻlgan taqdirda esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi raisining koʻrsatmasiga binoan boshqa tegishli sudning tergov sudyasi tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqiladi. Mol-mulkni xatlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma materiallar kelib tushgan paytdan eʼtiboran sakkiz soatdan kechiktirmay yopiq sud majlisida koʻrib chiqiladi. Sud majlisida prokuror, zarur hollarda tergovchi, surishtiruvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, shuningdek, agar ishda ishtirok etayotgan boʻlsa, himoyachi va (yoki) qonuniy vakil ishtirok etadi. Sud majlisining oʻtkazilish joyi, sanasi va vaqti haqida lozim darajada xabardor qilingan shaxslarning sud majlisiga kelmaganligi mol-mulkni xatlash toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish uchun monelik qilmaydi. Mol-mulkni xatlash toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish prokurorning maʼruzasi bilan boshlanadi, u mazkur protsessual harakatni oʻtkazish zaruratini asoslab beradi, keyin taqdim etilgan materiallar tekshiriladi. Shundan keyin sudya ajrim chiqarish uchun alohida xonaga kiradi.