Jinoyat-protsessual kodeksi 306-modda. Mulkiy ziyonni undirish huquqi va uning miqdori masalasini hal qilish

Ushbu Kodeks 83-moddasida nazarda tutilgan asoslarga koʻra chiqarilgan oqlov hukmida yoki ishni tugatish haqidagi ajrimda sud, ishni tugatish toʻgʻrisidagi qarorda esa surishtiruvchi, tergovchi, prokuror reabilitatsiya etilgan shaxsning oʻziga yetkazilgan mulkiy ziyonni undirib olish huquqini eʼtirof etishlari lozim. Hukm, ajrim yoki qarorning nusxasi reabilitatsiya etilgan shaxsga topshiriladi yoki pochta orqali yuboriladi. Ayni vaqtda unga hukm, ajrim yoki qaror ustidan shikoyat qilish tartibi, shuningdek mulkiy ziyonni qoplash va boshqa huquqlarini tiklab olish tartibi tushuntiriladi. Reabilitatsiya etish toʻgʻrisida qaror chiqargan sud, prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchi reabilitatsiya etilgan shaxsdan ariza tushgan kundan boshlab bir oydan kechiktirmasdan ziyon miqdorini aniqlaydi, zarurat tugʻilganda buning uchun moliya organlaridan va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi boʻlimlaridan hisob-kitob talab qilib oladi. Ish apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish tartibida koʻrish chogʻida sud tomonidan tugatilgan boʻlsa, ziyon miqdorini hukm chiqargan sud aniqlaydi.