Jinoyat-protsessual kodeksi 31-1-modda. Tergov sudyasining vakolatlari

Tergov sudyasi yakka oʻzi ish tutib, ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda sudga qadar ish yuritish bosqichida shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi ustidan sud nazoratini amalga oshiradi. Tergov sudyasining vakolatlari jumlasiga: qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish; qamoqda saqlash yoki uy qamogʻi muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish; ushlab turish muddatini qirq sakkiz soatgacha uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish; pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish; Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklash haqidagi iltimosnomani koʻrib chiqish; ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish; shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish haqidagi iltimosnomani koʻrib chiqish; ayblanuvchining tibbiy muassasada boʻlishi muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish; murdani eksgumatsiya qilish haqidagi iltimosnomani koʻrib chiqish; pochta-telegraf joʻnatmalarini xatlash toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish; prokurorning guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy daʼvogarning) koʻrsatuvlarini oldindan mustahkamlash toʻgʻrisidagi iltimosnomalarini koʻrib chiqish; tintuv oʻtkazish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish; telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish toʻgʻrisidagi iltimosnomalarni koʻrib chiqish; mol-mulkni xatlash toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish kiradi. Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan vakolatlar tergov sudyasi tomonidan ushbu Kodeksning 416 va 417-moddalari tartibida qoʻshimcha protsessual harakatlarni bajarish chogʻida ham amalga oshiriladi.