Jinoyat-protsessual kodeksi 331-modda. Jinoyat ishini qoʻzgʻatish tartibi

Ushbu Kodeksning 322-moddasida nazarda tutilgan sabab va asoslar mavjud boʻlgan taqdirda jinoyat ishini qoʻzgʻatish toʻgʻrisida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror shuningdek tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi qaror chiqaradi. Qarorda: ishni qoʻzgʻatish sabablari va asoslari; Jinoyat kodeksining jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan jinoyatni nazarda tutuvchi moddasi; bundan buyon ishni oʻz yurituviga oluvchi mansabdor shaxs koʻrsatiladi. Jinoyat ishini qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi qarorning koʻchirma nusxasi ushbu ishning tergov qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirishi lozim boʻlgan prokurorga yuboriladi. Ish qoʻzgʻatilgandan keyin uzoqqa choʻzilgan jinoyatlarning oldini olish va jinoyatlar takrorlanishiga yoʻl qoʻymaslik, shuningdek ish uchun ahamiyati boʻlishi ehtimol tutilgan jinoyat izlarini, narsalarni, hujjatlarni va elektron maʼlumotlarni mustahkamlash va qoʻriqlash yuzasidan darhol choralar koʻrish lozim. Tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan faktlar boʻyicha tadbirkorlik subyektiga nisbatan jinoyat ishini qoʻzgʻatishga faqat Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurorining, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlarining roziligi bilan yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning oʻrinbosarining roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi.