Jinoyat-protsessual kodeksi 333-modda. Jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish

Ushbu Kodeks 83-moddasining 1 va 2-bandlarida hamda 84-moddasi birinchi qismining 1 , 3 — 8-bandlarida nazarda tutilgan holatlar aniqlangan taqdirda, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish toʻgʻrisida qaror chiqaradi, jinoyat sodir etilganligi toʻgʻrisida xabar bergan fuqaro, korxona, muassasa, tashkilot, jamoat birlashmasi yoki mansabdor shaxs bu haqda xabardor qilinadi. Bunda ularga qaror ustidan shikoyat qilish huquqi va tartibi tushuntirilishi lozim. Jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish toʻgʻrisidagi qarorning koʻchirma nusxasi prokurorga yuboriladi. Ushbu Kodeks 84-moddasi birinchi qismining 2-bandida nazarda tutilgan holat surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror tomonidan aniqlangan taqdirda, jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish ushbu Kodeksning 63-bobida nazarda tutilgan qoidalarga binoan sud tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu Kodeks 84-moddasi birinchi qismining 1 , 2 , 3-bandlarida nazarda tutilgan asoslarga koʻra jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad etishga, agar oʻziga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad etish toʻgʻrisidagi masala qoʻyilayotgan shaxs yoki vafot etgan shaxsning yaqin qarindoshlari bunga eʼtiroz bildirsa, yoʻl qoʻyilmaydi. Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi tomonidan ushbu Kodeks 84-moddasi birinchi qismining 2-bandida nazarda tutilgan holat aniqlangan taqdirda, jinoyatga oid ariza, xabar va boshqa maʼlumotlar darhol prokurorga yuboriladi.