Jinoyat-protsessual kodeksi 364-modda. Dastlabki tergovni toʻxtatish asoslari va tartibi

Dastlabki tergov: 1) ish boʻyicha ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinishi lozim boʻlgan shaxs aniqlanmagan; 2) ayblanuvchining qayerda ekanligi nomaʼlum boʻlgan; 3) ayblanuvchi Oʻzbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketgan, basharti uning tergovga kelishini taʼminlash imkoniyati boʻlmasa; 4) ayblanuvchi ishni yuritishda uning ishtirok etishini istisno etadigan ogʻir va davomli, lekin davolab boʻladigan kasallikka chalingan hollarda toʻxtatiladi. Dastlabki tergov ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan asoslar yuzaga kelgan vaqtdan boshlab toʻxtatiladi. Lekin dastlabki tergov toʻxtatilgunga qadar tergovchi ayblanuvchi yoʻqligida bajarish mumkin boʻlgan barcha tergov harakatlarini bajarishi shart. Dastlabki tergovni toʻxtatish toʻgʻrisida tergovchi qaror chiqaradi va uning nusxasini prokurorga yuboradi.