Jinoyat-protsessual kodeksi 381-12-modda. Ayblov dalolatnomasi

Surishtiruvchi toʻplangan dalillarni ishni sudga oʻtkazish uchun yetarli deb topsa, ayblov dalolatnomasi tuzadi. Ayblov dalolatnomasi soddalashtirilgan shaklda tuziladi va surishtiruvda aniqlangan holatlar, ayblanuvchining shaxsi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, eʼlon qilingan ayblovning mazmuni, shuningdek surishtiruv davomida aniqlangan va ushbu jinoyat ishi uchun ahamiyatli boʻlgan boshqa maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi. Ayblov dalolatnomasining namunaviy shakli Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan tasdiqlanadi. Ayblov dalolatnomasiga sud majlisiga chaqirilishi lozim boʻlgan shaxslarning yashash joyi koʻrsatilgan roʻyxati, shuningdek gumon qilinuvchi va ayblanuvchiga nisbatan qancha vaqt qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tariqasidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilganligi, ashyoviy, yozma va raqamli dalillar, hukmning fuqaroviy daʼvo va boshqa mulkiy undirishlar boʻyicha qismi ijrosini taʼminlash choralari, sud chiqimlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ilova qilinadi. Sud majlisiga chaqirilishi lozim boʻlgan shaxslarning xavfsizligini taʼminlash zarur boʻlgan hollarda, ushbu Kodeksning 380-moddasi uchinchi qismiga muvofiq mazkur shaxslarning tegishli roʻyxati tuziladi va sudga taqdim etiladi.