Protsess ishtirokchilarini qonun bilan kafolatlangan huquqlardan mahrum qilgan yoki bu huquqlarni cheklagan yoxud sudga ishni har tomonlama koʻrib chiqishga boshqacha tarzda xalal bergan hamda qonuniy, asosli va adolatli qaror chiqarishga taʼsir qilgan yoki taʼsir qilishi mumkin boʻlgan qoidabuzarliklar ushbu Kodeks normalarini jiddiy buzish deb eʼtirof etiladi. Quyidagi hollarda hukm, ajrim bekor qilinishi lozim, agar: 1) hukmni, ajrimni qonunga xilof tarkibdagi sud chiqargan boʻlsa; 2) sudyaning hukmni, ajrimni yakka oʻzi chiqarishi tartibi yoki hukmni, ajrimni chiqarishda sudyalar maslahatlashuvining sir tutilishi buzilgan boʻlsa; 3) ish sudlanuvchi yoʻqligida koʻrilgan boʻlsa, bundan ushbu Kodeks 410-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan hol mustasno; 4) surishtiruv yoki dastlabki tergov tamomlanganidan soʻng ayblanuvchi ishdagi barcha materiallar bilan tanishtirilmagan va bu qoidabuzarlik hukmni, ajrimni chiqargan sud tomonidan bartaraf etilmagan boʻlsa; 5) himoyachisi boʻlmagan sudlanuvchiga himoya nutqi uchun soʻz berilmagan boʻlsa; 6) sudlanuvchiga oxirgi soʻz berilmagan boʻlsa; 7) sudlanuvchining ona tilidan va tarjimon xizmatlaridan foydalanish huquqi buzilgan boʻlsa; 8) qonunga koʻra himoyachi, qonuniy vakil ishtirok etishi shart boʻlsa-yu, ish ularning ishtirokisiz tergov qilingan yoki koʻrib chiqilgan boʻlsa; 9) ishni yuritishni istisno etadigan holatlar mavjud boʻla turib, surishtiruv, dastlabki tergov va sud muhokamasi oʻtkazilgan boʻlsa; 10) sud majlisi bayonnomasi ishda mavjud boʻlmasa yoxud imzolanmagan boʻlsa.