Jinoyat-protsessual kodeksi 495-modda. Sudning hukmini, ajrimini oʻzgartirish

Apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish instansiyasi sudi sudning ayblov hukmini yoki ajrimini oʻzgartirish chogʻida quyidagilarga haqli: 1) jazoni yengillashtirishga yoki mahkumga nisbatan yengilroq jinoyat toʻgʻrisidagi qonunni qoʻllashga; 2) mahkumni oʻta xavfli retsidivist deb topishga; 3) jazoni ijro etish muassasasi turini yengilrogʻiga yoki ogʻirrogʻiga oʻzgartirishga; 4) jinoyat natijasida yetkazilgan, oʻrni qoplanishi lozim boʻlgan moddiy zarar miqdorini, shuningdek maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish miqdorini kamaytirishga yoki koʻpaytirishga; 5) Jinoyat kodeksining 96-moddasiga muvofiq mahkumga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllashga; 6) ashyoviy dalillar, protsessual chiqimlar toʻgʻrisidagi masalalarni va boshqa masalalarni hal etishga. Oqlov hukmining oqlov asoslariga doir qismi oqlangan shaxsning, uning himoyachisining, qonuniy vakilining shikoyatiga koʻra oʻzgartirilishi mumkin.