Jinoyat-protsessual kodeksi 497-3-modda. Hukmlar ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat berish va protest bildirish tartibi

Qonuniy kuchga kirmagan hukmlar ustidan apellyatsiya tartibida quyidagicha shikoyat berilishi va protest bildirilishi mumkin: 1) jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudlarining hukmi ustidan — Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudiga, viloyatlar, Toshkent shahar sudiga; 2) hududiy harbiy sudlarning hukmi ustidan — Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudiga; 3) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudining, viloyatlar, Toshkent shahar sudlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudining hukmlari ustidan — ayni shu sudlarga. Apellyatsiya shikoyatlari (protestlari) hukm chiqargan sud orqali beriladi. Shikoyat (protest) bevosita apellyatsiya instansiyasi sudiga berilgan taqdirda, mazkur sud ularni hukm chiqargan sudga ushbu Kodeksning 497⁶-moddasida bayon etilgan talablarni bajarish uchun yuboradi.