Ushbu Kodeksning 497²-moddasida koʻrsatilgan shaxslar birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda apellyatsiya tartibida xususiy shikoyat (xususiy protest) berishga haqli. Agar ish boʻyicha hukm chiqarilgan, biroq xususiy shikoyat yoki xususiy protest faqat birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan berilgan boʻlsa, sud hukm ustidan apellyatsiya shikoyati, protesti berish uchun belgilangan muddat oʻtganidan soʻng ishni yuqori sudga yuboradi. Sudning ajrimi ustidan berilgan xususiy shikoyat (xususiy protest) apellyatsiya instansiyasi sudida ish yuritishning umumiy qoidalari boʻyicha koʻrib chiqiladi. Apellyatsiya instansiyasi sudi ishni birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan berilgan xususiy shikoyat (xususiy protest) boʻyicha koʻrish natijalariga koʻra quyidagilarga haqli: 1) birinchi instansiya sudining ajrimini oʻzgarishsiz, xususiy shikoyatni (xususiy protestni) esa qanoatlantirmasdan qoldirishga; 2) birinchi instansiya sudining ajrimini bekor qilishga va ishni yangidan sudda koʻrib chiqish uchun yuborishga; 3) birinchi instansiya sudining ajrimini bekor qilishga va ishni umumiy qoidalar boʻyicha surishtiruv yoki dastlabki tergovni oʻtkazish uchun prokurorga yuborishga; 4) birinchi instansiya sudining ajrimini bekor qilishga va amnistiya aktini qoʻllashga; 5) birinchi instansiya sudining ajrimini bekor qilishga va ish yuritishni tugatishga; 6) birinchi instansiya sudining xususiy ajrimini bekor qilishga; 7) birinchi instansiya sudining ajrimini oʻzgartirishga. Apellyatsiya instansiyasi sudining birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan berilgan xususiy shikoyat (xususiy protest) boʻyicha chiqarilgan ajrimi uzil-kesildir, bundan ushbu Kodeksning 308 , 317-moddalarida va 59-bobida nazarda tutilgan hollar mustasno.