Jinoyat-protsessual kodeksi 497-35-modda. Apellyatsiya instansiyasi sudida ishni qoʻshimcha koʻrish

Baʼzi mahkumlarga daxli boʻlgan, belgilangan muddatda yuborilgan apellyatsiya shikoyati yoki protesti biror sababga koʻra apellyatsiya instansiyasi sudiga boshqa mahkumlarning jinoyat ishi koʻrib boʻlinganidan keyin kelib tushsa yoki oʻtkazib yuborilgan muddat ushbu Kodeksning 497⁵-moddasida nazarda tutilgan tartibda sud tomonidan tiklansa, shuningdek mahkumning, uning himoyachisining yoxud qonuniy vakilining apellyatsiya shikoyati, ushbu mahkumga doir ish protsessning boshqa ishtirokchisi bergan apellyatsiya shikoyati yoki apellyatsiya protesti boʻyicha koʻrib chiqilganidan soʻng kelib tushgan boʻlsa, apellyatsiya instansiyasi sudi bunday shikoyat yoki protestni koʻrib chiqishi va u boʻyicha hukm, ajrim chiqarishi shart. Agar ishni qoʻshimcha koʻrish chogʻida apellyatsiya instansiyasi sudi tomonidan chiqarilgan hukm, ajrim ilgari chiqarilgan hukmga, ajrimga zid boʻlsa, protest bildirish toʻgʻrisidagi masalani hal etish uchun ish taftish tartibida protest bildirish vakolatiga ega boʻlgan prokurorga yuboriladi. Ishni qoʻshimcha koʻrish tartibi kechikib kelib tushgan xususiy shikoyatni va protestni hal etish uchun ham qoʻllaniladi.