Sudya taftish tartibidagi shikoyat, protest (xususiy shikoyat, xususiy protest) bilan kelib tushgan jinoyat ishini oʻrganib, sud majlisini tayinlash toʻgʻrisida yetti sutkadan kechiktirmay ajrim chiqarib, unda quyidagi masalalarni hal etadi: 1) jinoyat ishini koʻrib chiqish joyi, sanasi va boshlanish vaqti toʻgʻrisidagi; 2) sud majlisiga taraflarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini chaqirish haqidagi; 3) ushbu Kodeksning 19-moddasida nazarda tutilgan hollarda jinoyat ishini yopiq sud majlisida koʻrish toʻgʻrisidagi; 4) ozodlikdan cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni oʻtayotgan shaxsning sud majlisida ishtirok etishi haqidagi. Ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran uch sutka ichida jinoyat protsessi ishtirokchilariga sud majlisining joyi, sanasi va boshlanish vaqti tayinlanganligi toʻgʻrisida xabar yuboriladi. Agar jinoyat ishini oʻrganish chogʻida birinchi instansiya sudi tomonidan ushbu Kodeks 503-moddasi ikkinchi qismining talablari bajarilmaganligi aniqlansa, sudya ishni taftish tartibida koʻrib chiqishga monelik qiluvchi holatlarni bartaraf etish uchun ishni shu sudga qaytaradi.