Sud qarorlarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatida taftish tartibida qayta koʻrib chiqish uchun asoslar mavjud emasligi toʻgʻrisidagi ajrimda quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak: 1) ajrim chiqarilgan joy va sana; 2) ajrim chiqargan sudyaning familiyasi, ismi, otasining ismi; 3) taftish tartibida shikoyat (xususiy shikoyat) bergan shaxs haqidagi maʼlumotlar; 4) hukm, ajrim chiqargan birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya, taftish instansiyasi sudining nomi, birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya, taftish instansiyasi sudining hukmi, ajrimi chiqarilgan sana; 5) taftish tartibida berilgan shikoyatning (xususiy shikoyatning) mazmuni; 6) taftish tartibidagi shikoyatni (xususiy shikoyatni) koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazishni rad etish sabablari va asoslari. Sud qarorlarini taftish tartibida qayta koʻrib chiqish uchun asoslar mavjud emasligi toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasining ajrimi ustidan taftish tartibida shikoyat (xususiy shikoyat) bergan shaxs tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisiga, uning oʻrinbosariga shikoyat qilinishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, uning oʻrinbosari taftish tartibida shikoyat (xususiy shikoyat) bergan shaxsning shikoyatiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasining sud qarorlarini taftish tartibida qayta koʻrib chiqish uchun asoslar mavjud emasligi toʻgʻrisidagi ajrimini bekor qilish haqida ajrim chiqarishga va shikoyatni (xususiy shikoyatni) jinoyat ishi bilan birga taftish tartibida koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazishga haqlidir.