Jinoyat ishini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatida taftish tartibida sud majlisida koʻrishda quyidagilar ishtirok etishi shart: Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, uning oʻrinbosari yoki ular tomonidan vakolat berilgan prokuror; himoyachi — ushbu Kodeksning 51 va 52-moddalarida koʻrsatilgan hollarda. Mahkum, oqlangan shaxs, ularning himoyachilari va qonuniy vakillari, jabrlanuvchi, fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari ishni taftish tartibida koʻrishda ishtirok etishga haqli. Jazoni ijro etish muassasasida boʻlgan yoki ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni oʻtayotgan mahkumning ishni koʻrishda ishtirok etishi zarurligi toʻgʻrisidagi masala sud tomonidan hal etiladi. Mazkur shaxslar sud majlisida bevosita yoxud videokonferensaloqa tizimidan foydalanish orqali ishtirok etishi mumkin. Taftish tartibida koʻrilayotgan ish boʻyicha sud majlisining joyi, sanasi va vaqti toʻgʻrisida oʻz vaqtida xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi ishni koʻrishga monelik qilmaydi, bundan ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan shaxslar mustasno.