Jinoyat-protsessual kodeksi 521-17-modda. Ishni taftish tartibida koʻrib chiquvchi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining vakolatlari

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati jinoyat ishini taftish tartibida koʻrib chiqish natijalari boʻyicha quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi: 1) birinchi instansiya, apellyatsiya, kassatsiya yoki tegishli taftish instansiyasi sudining hukmini, ajrimini oʻzgarishsiz, taftish tartibida berilgan shikoyatni (protestni) esa qanoatlantirmasdan qoldirish toʻgʻrisida; 2) ayrim sud qarorlarini bekor qilish va ish boʻyicha ilgari qabul qilingan sud qarorlaridan birini oʻz kuchida qoldirish toʻgʻrisida; 3) ish boʻyicha qabul qilingan barcha sud qarorlarini bekor qilish va ayblov yoki oqlov hukmi chiqarish toʻgʻrisida; 4) ish boʻyicha qabul qilingan barcha sud qarorlarini bekor qilish va ish yuritishni tugatish toʻgʻrisida; 5) ushbu Kodeks 493-moddasining toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, ish boʻyicha qabul qilingan barcha sud qarorlarini bekor qilish va jinoyat ishini birinchi instansiya sudiga yuborish toʻgʻrisida; 6) birinchi instansiya, apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish instansiyasi sudining hukmini, ajrimini oʻzgartirish toʻgʻrisida; 7) shikoyat (protest) qaytarib olingan taqdirda, taftish tartibidagi ishni yuritishni tugatish toʻgʻrisida. Ushbu modda birinchi qismining 1 va 2-bandlarida , 4 — 7-bandlarida nazarda tutilgan hollarda ishni taftish tartibida koʻruvchi sud ajrim chiqaradi. Ushbu modda birinchi qismining 3-bandida nazarda tutilgan hollarda ishni taftish tartibida koʻruvchi sud hukm chiqaradi. Jinoyat ishini taftish tartibida koʻruvchi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati ushbu Kodeksning 298 va 300-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, shuningdek tegishli mansabdor shaxslarning eʼtiborini surishtiruv, dastlabki tergov va sud muhokamasi jarayonida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarga qaratish zarur boʻlgan taqdirda xususiy ajrim chiqaradi.