Agar prokurorga kelib tushgan arizada yoki xabarda ushbu Kodeks 522-moddasi uchinchi qismining 1 — 4-bandlarida nazarda tutilgan holatlar mavjudligi koʻrsatilgan boʻlsa, ularni tekshirish yoki tergov qilish natijalari boʻyicha ish yuritishni yangi ochilgan holatlar tufayli qaytadan boshlash uchun asoslar aniqlanganda prokuror taftish instansiyasi sudiga tegishli protest kiritadi. Protest ushbu Kodeks 522-moddasi uchinchi qismining 1 — 3-bandlarida nazarda tutilgan hollarda jinoyat ishi materiallari va boshqa ish boʻyicha hukmning koʻchirma nusxasi, shu modda uchinchi qismining 4-bandida nazarda tutilgan hollarda esa tergov materiallari ilova qilingan holda sudga yuboriladi. Prokuror yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qoʻzgʻatish toʻgʻrisida sudga protest kiritish uchun asoslar yoʻq deb topsa, bu haqda asoslantirilgan qaror chiqaradi. Prokuror qarorining koʻchirma nusxasi uch sutka ichida arizachiga yuborilib, unga qaror ustidan yuqori turuvchi prokurorga shikoyat qilish yoki yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qoʻzgʻatish toʻgʻrisida iltimosnoma bilan sudga mustaqil ravishda murojaat qilish huquqi tushuntiriladi.