Jinoyat-protsessual kodeksi 544-modda. Sudlanganlikni olib tashlash toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish

Sudlanganlikni olib tashlash toʻgʻrisidagi masala sudya tomonidan jazoni oʻtab boʻlgan shaxsning, uning himoyachisi yoki qonuniy vakilining yoxud jamoat birlashmasi yoki jamoaning iltimosnomasiga asosan koʻrib chiqiladi. Sudlanganlikni olib tashlash toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqishda iltimosnoma kim haqida berilgan boʻlsa, shu shaxsning sud majlisida qatnashishi shart. U himoyachi olish huquqi bilan taʼminlanadi. Sudlanganlikni olib tashlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma jamoat birlashmasi yoki jamoa tomonidan berilgan boʻlsa, ularning vakillari sud majlisida ishtirok etishi shart. Sudlanganlikni olib tashlash toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish taqdim qilingan iltimosnomani oʻqib eshittirishdan boshlanadi, soʻng sudya sudda hozir boʻlganlarning fikrlarini eshitadi va ajrim chiqarish uchun alohida xonaga kiradi. Sudlanganlikni olib tashlash rad etilsa, sudyaga bu masalaga doir qayta iltimosnoma ajrim chiqqan kundan boshlab kamida bir yil oʻtganidan keyin kiritilishi mumkin.