Jinoyat-protsessual kodeksi 545-modda. Axloq tuzatish ishlari oʻtalgan vaqtni mahkumning umumiy mehnat stajiga qoʻshish toʻgʻrisidagi iltimosnomalarni koʻrib chiqish

Axloq tuzatish ishlari oʻtalgan vaqtni mahkumning umumiy mehnat stajiga qoʻshish toʻgʻrisidagi masala jamoat birlashmasi yoki jamoa iltimosnomasi boʻyicha, jazoni oʻtab chiqqan shaxs mehnatga qobiliyatsiz boʻlgan taqdirda esa, uning iltimosnomasi boʻyicha ham mazkur shaxs turgan joydagi tuman (shahar) sudining sudyasi tomonidan koʻrib chiqiladi. Axloq tuzatish ishlari oʻtalgan vaqtni mahkumning umumiy mehnat stajiga qoʻshish toʻgʻrisidagi masala sudya tomonidan koʻrib chiqilayotgan paytda iltimosnoma kim haqida berilgan boʻlsa, shu shaxsning, shuningdek iltimos qoʻzgʻatgan jamoat birlashmasi yoki jamoaning vakili qatnashishi shart. Axloq tuzatish ishlari oʻtalgan vaqtni mahkumning umumiy mehnat stajiga qoʻshish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish mavjud materiallarni oʻqib eshittirish bilan boshlanadi, soʻng sudya chaqirilgan shaxslarni tinglaydi, mahkumning axloq tuzatish ishlarini oʻtash vaqtida halol mehnat qilganligi va namunali xulqidan dalolat beruvchi maʼlumotlarni aniqlab oladi. Axloq tuzatish ishlari oʻtalgan vaqtni mahkumning umumiy mehnat stajiga qoʻshish toʻgʻrisidagi iltimosnoma yuzasidan sudya chiqargan ajrim ustidan yuqori sudga shikoyat berish va protest bildirish mumkin.