Surishtiruvchi, tergovchi protsess ishtirokchilarini ish materiallari bilan tanishtirgach va iltimosnomalarni hal qilgach, ishni sudga yuborish toʻgʻrisida qaror tuzadi. Surishtiruvchi, tergovchi qarorning tavsif-asoslash qismida ushbu Kodeksning 566-moddasida nazarda tutilgan holatlarni, shuningdek ishni sudga yuborish asoslariga norozi boʻlgan himoyachining va boshqa shaxslarning vajlarini, agar shunday vajlar bildirilgan boʻlsa, bayon qiladi va ish sahifalariga havola qilib, uning fikricha, ishni sudga yuborish uchun asoslar borligini tasdiqlovchi dalillar keltiradi. Ishni sudga yuborish toʻgʻrisidagi qarorga sud majlisiga chaqirilishi lozim boʻlgan shaxslarning roʻyxati, shuningdek surishtiruv yoki dastlabki tergov yuritilgan muddat, ustidan tergov oʻtkazilgan shaxsning qamoqda, uy qamogʻida va tibbiy muassasada boʻlgan muddati, ashyoviy, yozma va raqamli dalillar, fuqaroviy daʼvo va uni taʼminlash choralari, protsessual chiqimlar toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar ilova qilinadi.