Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi aybga iqrorlik toʻgʻrisida kelishuv tuzish haqidagi iltimosnomani surishtiruvning va dastlabki tergovning istalgan bosqichida berishi mumkin. Kelishuv tuzish haqidagi iltimosnoma gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, uning himoyachisi va, agar ishda qatnashayotgan boʻlsa, qonuniy vakili tomonidan imzolangan boʻlishi lozim. Iltimosnomada gumon qilinuvchi, ayblanuvchi surishtiruv va dastlabki tergovda qoʻyilgan gumonni yoki ayblovni tan olishi, dalillarni inkor qilmasligi, jinoyatni tergov qilishga koʻmaklashishi, jinoyat natijasida olingan mol-mulkning topilishi uchun qaysi harakatlarni amalga oshirish shartligini, jinoyatga aloqador boshqa axborotni taqdim etishga doir majburiyatlarini hamda jinoyat oqibatida yetkazilgan zarar bartaraf etilganligini koʻrsatadi. Kelishuv tuzish haqidagi iltimosnomada gumon qilinuvchi, ayblanuvchi tomonidan bajariladigan va jinoyatni fosh etish uchun koʻmaklashadigan muayyan harakatlar ham koʻrsatilishi mumkin.