Jinoyat-protsessual kodeksi 586-6-modda. Surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning aybga iqrorlik toʻgʻrisida kelishuv tuzilganidan keyingi harakatlari

Aybga iqrorlik toʻgʻrisida kelishuv imzolanganidan keyin ish boʻyicha tergov va boshqa protsessual harakatlar oʻtkazish zarurati mavjud boʻlmagan taqdirda prokuror ayblov xulosasini yoki ayblov dalolatnomasini tasdiqlab, ishni zudlik bilan sudga yuboradi. Aybga iqrorlik toʻgʻrisida kelishuv imzolanganidan keyin tergov va boshqa protsessual harakatlar oʻtkazish zarurati mavjud boʻlgan taqdirda, prokuror ishni surishtiruv yoki tergov organiga yuboradi. Surishtiruvchi, tergovchi gumon qilinuvchining, ayblanuvchining aybini tasdiqlash uchun yetarli hajmda dalillarni toʻplaydi. Agar ishni sudga qadar yuritish jarayonida jinoyatning aybga iqrorlik toʻgʻrisidagi kelishuvda nazarda tutilmagan boshqa holatlari aniqlansa, kelishuv oʻz kuchini yoʻqotadi. Bunda aybga iqrorlik toʻgʻrisida kelishuv tuzishni istisno etadigan holatlar aniqlangan taqdirda, jinoyat ishi boʻyicha ish yuritish umumiy tartibda olib boriladi. Agar aniqlangan holatlar aybga iqrorlik toʻgʻrisida kelishuv tuzishni istisno etmasa, kelishuv ushbu Kodeksning 586²— 586⁴-moddalarida nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda qayta koʻrib chiqilishi mumkin. Gumon qilinuvchining yoki ayblanuvchining aybini tasdiqlash uchun dalillar toʻplanganidan keyin surishtiruvchi, tergovchi ishni prokurorga taqdim etadi. Prokuror jinoyat ishi materiallarini besh sutka ichida koʻrib chiqib, ayblov xulosasini yoki ayblov dalolatnomasini tasdiqlab, ishni aybga iqrorlik toʻgʻrisidagi kelishuv bilan birga sudga yuboradi. Agar ish boʻyicha gumon qilinuvchi, ayblanuvchi sifatida ishtirok etish uchun bir necha shaxs jalb qilingan boʻlsa va ularning barchasi bilan ham aybga iqrorlik toʻgʻrisida kelishuv tuzilmagan boʻlsa, oʻzi bilan kelishuv tuzilmagan gumon qilinuvchilarga, ayblanuvchilarga taalluqli materiallar ajratiladi va ular boʻyicha ish yuritish umumiy qoidalarga rioya etgan holda amalga oshiriladi, bu haqda kelishuvda koʻrsatiladi.