Aybga iqrorlik toʻgʻrisidagi kelishuvga doir ishlar ushbu moddada nazarda tutilgan oʻziga xos xususiyatlar inobatga olingan holda umumiy tartibda, jinoyat ishi kelishuv bilan birga sudga kelib tushgan paytdan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay koʻrib chiqiladi. Sud majlisida sudlanuvchi, jabrlanuvchi (fuqaroviy daʼvogar), agar ishda ishtirok etayotgan boʻlsa, qonuniy vakil, himoyachi, prokuror ishtirok etadi. Sud majlisi oʻtkaziladigan joy va sana haqida lozim darajada xabardor qilingan jabrlanuvchi (fuqaroviy daʼvogar) yoki uning vakilining kelmaganligi ishni koʻrib chiqish uchun monelik qilmaydi. Aybga iqrorlik toʻgʻrisidagi kelishuvga oid ishlar boʻyicha sud muhokamasida prokuror kelishuvning mazmunini oʻqib eshittiradi, sudlanuvchining surishtiruv hamda dastlabki tergovga koʻmaklashganligini tasdiqlaydi va bu aynan nimada ifodalanganligini tushuntiradi. Sud aybga iqrorlik toʻgʻrisidagi kelishuvga oid ishlarni koʻrib chiqish chogʻida: kelishuvni tuzishda gumon qilinuvchining, ayblanuvchining protsessual huquqlari taʼminlangan-taʼminlanmaganligini va ushbu Kodeksning 586¹-moddasida koʻrsatilgan talablar bajarilgan-bajarilmaganligini; kelishuvning gumon qilinuvchi, ayblanuvchi tomonidan ixtiyoriy ravishda tuzilgan-tuzilmaganligini; gumon qilinuvchi, ayblanuvchi kelishuvning mohiyatini, uning shartlarini tushungan-tushunmaganligini, uning oqibatlarini anglab yetgan-yetmaganligini; sudlanuvchi kelishuvni qoʻllab-quvvatlashi yoki qoʻllab-quvvatlanmasligini; gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yetkazilgan zararni bartaraf etish choralarini koʻrgan-koʻrmaganligini aniqlaydi. Sud sudlanuvchi va uning himoyachisining, prokurorning, shuningdek zarur hollarda, jabrlanuvchining (fuqaroviy daʼvogarning) fikrini eshitadi, shundan soʻng qaror qabul qilish uchun alohida xonaga kiradi. Sud majlisi vaqtida ushbu Kodeksning 90 — 92-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga koʻra bayonnoma yuritiladi.