Jinoyat-protsessual kodeksi 596-modda. Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida boʻlgan guvohni, jabrlanuvchini, ekspertni, fuqaroviy daʼvogarni, fuqaroviy javobgarni, ularning vakillarini chaqirish

Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida boʻlgan guvoh, jabrlanuvchi, ekspert, fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar, ularning vakillari Oʻzbekiston Respublikasi hududida protsessual harakatlarni bajarish uchun jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxs tomonidan chaqirilishi mumkin. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarni chaqirish toʻgʻrisidagi soʻrov ushbu Kodeksning 592-moddasida belgilangan tartibda yuboriladi. Shaxslarni chaqirishda protsessual majburlov choralarini qoʻllash tahdidi boʻlmasligi kerak. Chaqiruv boʻyicha kelgan, ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasini kesib oʻtguniga qadar sodir etilgan qilmishlar uchun yoki chiqarilgan hukmlar asosida Oʻzbekiston Respublikasi hududida jinoiy javobgarlikka tortilishi, qamoqqa olinishi yoxud shaxsiy erkinlikning boshqacha cheklanishlariga duchor etilishi mumkin emas. Agar chaqiruv boʻyicha kelgan shaxs uning hozir boʻlishi chaqirtirgan mansabdor shaxsga boshqa kerak boʻlmay qolgan paytdan eʼtiboran oʻn besh sutkalik uzluksiz muddat oʻtguniga qadar Oʻzbekiston Respublikasi hududini tark etish imkoniyatiga ega boʻla turib, shu hududda qolishda davom etsa yoki joʻnab ketganidan keyin Oʻzbekiston Respublikasiga qaytib kelsa, mazkur immunitetning amal qilishi tugaydi. Xorijiy davlat hududida qamoqda saqlanayotgan shaxs, basharti bu shaxs ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarni chaqirish toʻgʻrisidagi soʻrovda nazarda tutilgan protsessual harakatlar bajarilishi uchun xorijiy davlatning vakolatli organi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga vaqtincha oʻtkazilgan boʻlsa, ushbu moddada belgilangan tartibda chaqiriladi. Bunday shaxs Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻladigan butun davrida qamoqda saqlanaveradi. Uni qamoqda saqlashga xorijiy davlat vakolatli organining tegishli qarori asos boʻladi. Mazkur shaxs soʻrovga berilgan javobda koʻrsatilgan muddatlarda tegishli xorijiy davlat hududiga qaytarilishi kerak.