Jinoyat-protsessual kodeksi 604-modda. Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlgan shaxsni ushlab berishni kechiktirish va vaqtincha ushlab berish

Oʻziga nisbatan ushlab berish toʻgʻrisida soʻrov kelib tushgan shaxs Oʻzbekiston Respublikasi hududida boshqa jinoyat uchun jinoiy javobgarlikka tortilayotgan yoki jazoni oʻtayotgan boʻlsa, uni ushlab berish jinoyat ishi tugatilguniga, hukm ijro etilguniga yoki har qanday qonuniy asosga koʻra jazodan ozod qilinguniga qadar kechiktirilishi mumkin. Agar jazoni oʻtayotgan shaxsni ushlab berishni kechiktirish jinoiy javobgarlikka tortish muddati oʻtib ketishiga sabab boʻlishi yoki jinoyatni tergov qilishga zarar yetkazishi mumkin boʻlsa, soʻralayotgan shaxs, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning oʻrinbosari tomonidan belgilangan shartlarga rioya etish majburiyati mavjud boʻlgan taqdirda, vaqtincha ushlab berilishi mumkin. Vaqtincha ushlab berilgan shaxs jinoyat ishi boʻyicha qaysi protsessual harakatlar bajarilishi uchun ushlab berilgan boʻlsa, oʻsha protsessual harakatlar bajarilganidan keyin, biroq shaxs topshirilgan kundan eʼtiboran uch oydan kechiktirmay qaytarib berilishi kerak. Har ikkala davlat vakolatli organlarining oʻzaro ahdlashuviga koʻra bu muddat shaxs Oʻzbekiston Respublikasi hududida sodir etilgan jinoyat uchun hukm qilingan yoki qonunga muvofiq hukm qilinishi mumkin boʻlgan jazo muddatidan ortiq boʻlmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.