Jinoyat-protsessual kodeksi 621-modda. Ozodlikdan mahrum etilgan shaxsni jazoni oʻtashni davom ettirish uchun, shuningdek oʻziga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasi qoʻllanilgan shaxsni majburiy davolashni davom ettirish uchun xorijiy davlatga berishni rad etish

Ushbu Kodeksning 611-moddasida koʻrsatilgan shaxslarni berish quyidagi hollarda rad etilishi mumkin, agar: 1) shaxsning ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinishiga yoki unga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasi qoʻllanilishiga sabab boʻlgan qilmishlarning hech biri u fuqarosi boʻlgan davlatning yoki doimiy yashash joyidagi davlatning qonunchiligiga koʻra jinoyat deb eʼtirof etilmasa; 2) ozodlikdan mahrum etilgan shaxsni yoki oʻziga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasi qoʻllanilgan shaxsni berish toʻgʻrisida mazkur davlat bilan kelishuvga erishilmagan boʻlsa; 3) ozodlikdan mahrum etilgan shaxsni yoki oʻziga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasi qoʻllanilgan shaxsni berish Oʻzbekiston Respublikasining manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin boʻlsa; 4) ozodlikdan mahrum etilgan shaxs yoki oʻziga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasi qoʻllanilgan shaxs hukmni ijro etuvchi davlatning fuqarosi boʻlmasa; 5) xorijiy davlatda jinoiy javobgarlikka tortish muddati oʻtib ketganligi oqibatida yoki ushbu davlatning qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa asoslarga koʻra jazoni ijro etish mumkin boʻlmasa; 6) ozodlikdan mahrum etilgan shaxsni berish toʻgʻrisidagi soʻrov olingan paytda ozodlikdan mahrum qilish jazosining oʻtalmay qolgan qismi olti oydan kam boʻlsa; 7) xorijiy davlatning qonunchiligida xuddi shunday tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasi nazarda tutilmagan boʻlsa; 8) xorijiy davlatda zaruriy davolanishni va tegishli maxsus tibbiy choralarni taʼminlash imkoni mavjud boʻlmasa; 9) Oʻzbekiston Respublikasining tegishli xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan boshqa hollarda.