Jabrlanuvchining, fuqaroviy daʼvogarning, fuqaroviy javobgarning vakili tegishincha jabrlanuvchi, fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar ega boʻlgan protsessual huquqlardan foydalanadi. Vakil ish yuritishning istalgan vaqtida oʻz majburiyatlarini bajarishni davom ettirishdan voz kechishga haqlidir. Vakil: oʻzi vakillik qilayotgan shaxslarning huquqi va qonuniy manfaatlarini himoya qilishi; ularning ishonchini suiisteʼmol qilmasligi; surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning chaqiruviga binoan hozir boʻlishi; haqiqatni aniqlashga dalillarni yoʻq qilish, soxtalashtirish, guvohlarni koʻndirishga urinish va qonunga xilof boshqa harakatlar bilan toʻsqinlik qilmasligi; ishning tergovi va sud majlisi vaqtida tartibga rioya etishi shart.