Jinoyat-protsessual kodeksi 69-modda. Mutaxassis

Tergov va sud muhokamasini oʻtkazishda dalillarni topish va mustahkamlashda surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga va sudga yordam berish uchun mutaxassis chaqiriladi. Mutaxassis sifatida shifokor, pedagog hamda zarur bilim va malakaga ega boʻlgan boshqa shaxslar chaqirilishi mumkin. Himoyachining iltimosnomasiga koʻra surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud tomonidan mutaxassis tushuntirish berish uchun chaqirilishi mumkin. Tergov va sud muhokamasini oʻtkazishda ilmiy-texnika vositalarini (magnitofon, videomagnitofon, kinoga olish apparatlari va boshqa apparatlarni) qoʻllash uchun mutaxassis chaqirilishi mumkin. Tergov va sud muhokamasiga mutaxassis chaqirish hamda uning ishtirok etishi tartibi ushbu Kodeksning 91 , 92 , 136 — 138 , 146 , 147 , 149 , 151 , 156-moddalarida , 22¹-bobida va 193-moddasida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.