Jinoyat-protsessual kodeksi 70-modda. Mutaxassisning huquq va majburiyatlari

Mutaxassis: oʻzining qanday maqsadda chaqirilganligini bilish; basharti tegishli bilimlarga ega boʻlmasa, ish yuritishda ishtirok etishdan bosh tortish; oʻzi ishtirok etayotgan protsessual harakatlarga oid ish materiallari bilan tanishish; oʻzi ishtirok etayotgan protsessual harakatlarga aloqador arz va mulohazalar bildirish; tergov harakatlari va sud muhokamasida ishtirok etayotgan shaxslarga surishtiruvchining, tergovchining, prokuror va sudning ruxsati bilan savollar berish; surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning harakatlari ustidan shikoyatlar keltirish huquqiga egadir. Mutaxassis: surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sudning chaqiruviga binoan hozir boʻlishi; tergov harakatlari va sud muhokamasini yuritishda dalillarni topish va mustahkamlash uchun ilmiy-texnika vositalari, maxsus bilim va malakasidan foydalangan holda ishtirok etishi; ish boʻyicha haqiqatni aniqlash uchun ahamiyatli boʻlgan holatlarga surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning eʼtiborini qaratishi; oʻzi bajarayotgan harakatlar boʻyicha tushuntirishlar berishi; jinoyatning kelib chiqish sabablarini, sodir qilinishiga imkon bergan sharoitlarni aniqlash va ularni bartaraf etish choralarini ishlab chiqishda surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga va sudga yordam berishi; surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning ruxsatisiz surishtiruv va dastlabki tergov materiallarini, shuningdek yopiq sud majlisi muhokamasi maʼlumotlarini hamda tafsilotlarini sudning ruxsatisiz oshkor etmasligi; ishning tergovi va sud majlisi vaqtida tartibga rioya etishi shart.