Jinoyat-protsessual kodeksi 74-modda. Xolislarning huquq va majburiyatlari

Xolis: tergov harakatida ishtirok etish; tergov harakati boʻyicha bayonnomaga kiritilishi lozim boʻlgan arz va mulohazalar berish; oʻzi ishtirok etgan tergov harakatining bayonnomasi bilan tanishish; surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning harakatlari va qarorlari ustidan shikoyat keltirish huquqiga egadir. Xolis: surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning chaqiruviga binoan hozir boʻlishi; tergov harakatini yuritishda ishtirok etishi; tergov harakati oʻtkazilgani, uni oʻtkazish jarayoni va natijalarini tergov harakati bayonnomasida imzo chekib tasdiqlashi; surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning ruxsatisiz surishtiruv va dastlabki tergov materiallarini oshkor qilmasligi shart. Xolis uzrsiz sababga koʻra oʻz vazifasini bajarishdan bosh tortganlik uchun qonunda belgilangan javobgarlikka tortiladi. Xolis oʻzi ishtirok etgan tergov harakatini yuritish bilan bogʻliq holatlar boʻyicha guvoh tariqasida soʻroq qilinishi mumkin. U bunday hollarda ushbu Kodeksning 66-moddasida nazarda tutilgan huquqlardan foydalanadi va majburiyatlarni bajaradi.