Jinoyat-protsessual kodeksi 82-modda. Ayblash va hukm qilish uchun asoslar

Ishni ayblov xulosasi yoki ayblov dalolatnomasi bilan sudga yuborish va ayblov hukmi chiqarish uchun quyidagilar isbotlangan boʻlishi kerak: 1) jinoyat obyekti; jinoyat tufayli yetkazilgan ziyonning xususiyati va miqdori, jabrlanuvchining shaxsini tavsiflovchi holatlar; 2) sodir etilgan jinoyatning vaqti, joyi, usuli, shuningdek Jinoyat kodeksida koʻrsatib oʻtilgan boshqa holatlari; qilmish va roʻy bergan ijtimoiy xavfli oqibatlar oʻrtasidagi sababiy bogʻlanish; 3) jinoyatning ushbu shaxs tomonidan sodir etilganligi; 4) jinoyat toʻgʻri yoki egri qasd bilan yoxud beparvolik yoki oʻz-oʻziga ishonish oqibatida sodir etilganligi, jinoyatning sabablari va maqsadlari; 5) ayblanuvchining, sudlanuvchining shaxsini tavsiflovchi holatlar.