Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi: 1) samarali iqtisodiy, ijtimoiy, soliq va budjet siyosati amalga oshirilishi, ilm-fan, madaniyat, taʼlim, sogʻliqni saqlashni hamda iqtisodiyotning va ijtimoiy sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirishga doir dasturlarning ishlab chiqilishi hamda bajarilishi uchun javobgar boʻladi; 2) barqaror iqtisodiy oʻsishni, makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish, aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, qulay investitsiyaviy muhitni yaratish, hududlarni kompleks va barqaror rivojlantirish boʻyicha choralar koʻradi; 3) aholini, shu jumladan nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish tizimining samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlaydi; 4) atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy boyliklarni va biologik xilma-xillikni saqlash, iqlim oʻzgarishiga, epidemiyalarga, pandemiyalarga qarshi kurashish hamda ularning oqibatlarini yumshatish sohalarida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi; 5) yoshlarga oid davlat siyosatining amalga oshirilishini taʼminlaydi, oilani qoʻllab-quvvatlash, mustahkamlash va himoya qilish, anʼanaviy oilaviy qadriyatlarni saqlash boʻyicha choralar koʻradi; 6) fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshiradi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda ijtimoiy sheriklik dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ularning ishtirok etishini taʼminlaydi; 7) fuqarolarning iqtisodiy, ijtimoiy hamda boshqa huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi; 8) Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, Oliy Majlis palatalari qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini taʼminlaydi; 9) ijro etuvchi hokimiyat organlari ishini muvofiqlashtiradi va yoʻnaltiradi, ularning faoliyati ustidan qonunda belgilangan tartibda nazoratni amalga oshiradi; 10) ijro etuvchi hokimiyat organlari