Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining referendumini tashkil etish va oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan faoliyatining asosiy prinsiplari mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilikdan iborat boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tuziladi. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi saylov komissiyalari tizimiga boshchilik qiladi, oʻz faoliyatini doimiy asosda amalga oshiradi hamda oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga amal qiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining aʼzolari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining tavsiyasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan saylanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining raisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan komissiya aʼzolari orasidan besh yillik muddatga komissiya majlisida saylanadi. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining raisi etib saylanishi mumkin emas.