Har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda yuridik yordam davlat hisobidan koʻrsatiladi. Har bir shaxs jinoyat protsessining har qanday bosqichida, shaxs ushlanganida esa uning harakatlanish erkinligi huquqi amalda cheklangan paytdan eʼtiboran oʻz tanloviga koʻra advokat yordamidan foydalanish huquqiga ega. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi ayblovning mohiyati va asoslari toʻgʻrisida xabardor qilinish, unga qarshi yoki uning foydasiga guvohlik berayotgan shaxslarning soʻroq qilinishini talab etish, tarjimon yordamidan foydalanish huquqiga ega. Qonunni buzgan holda olingan dalillardan odil sudlovni amalga oshirish chogʻida foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi. Jinoyat uchun hukm qilingan har kim qonunda belgilangan tartibda hukmning yuqori turuvchi sud tomonidan qayta koʻrib chiqilishi huquqiga, shuningdek afv etish yoki jazoni yengillashtirish toʻgʻrisida iltimos qilish huquqiga ega. Huquqbuzarliklardan jabrlanganlarning huquqlari qonun bilan muhofaza qilinadi. Davlat jabrlanganlarga himoyalanishni va odil sudlovdan foydalanishni taʼminlaydi, ularga yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishi uchun shart-sharoitlar yaratadi.