Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oʻz vakolatlari doirasida: korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi; korrupsiya bilan bogʻliq jinoyatlar boʻyicha tezkor-qidiruv faoliyatini, tergovga qadar tekshiruvni, surishtiruvni va dastlabki tergovni amalga oshiradi; korrupsiyaning holati va korrupsiyaga qarshi kurashish natijalari toʻgʻrisidagi axborotni yigʻadi hamda tahlil qiladi, tegishli davlat organlariga zarur axborotni taqdim etadi; jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiya faktlariga doir murojaatlarini koʻrib chiqadi hamda ularning buzilgan huquqlarini tiklash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish choralarini koʻradi; aholi oʻrtasida jamiyatda huquqiy ongni, huquqiy madaniyatni yuksaltirishga va qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan huquqiy targʻibotga doir faoliyatda ishtirok etadi; korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi statistika maʼlumotlarining hisobi yuritilishini va tahlil qilinishini taʼminlaydi; korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oʻz vaqtida oldi olinishini, aniqlanishini va ularga chek qoʻyilishini taʼminlashga, ularning oqibatlarini, shuningdek ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga doir tadbirlarni ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi; korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi boshqa organlar hamda tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi; korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.