Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida 12-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi vakolatlari

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi oʻz vakolatlari doirasida: korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi; korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonun ijodkorligi faoliyatida ishtirok etadi; aholi oʻrtasida jamiyatda huquqiy ongni, huquqiy madaniyatni yuksaltirishga va qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan huquqiy targʻibotga doir faoliyatni amalga oshiradi hamda muvofiqlashtiradi; taʼlim muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy taʼlim va tarbiyaga doir chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etadi; normativ-huquqiy hujjatlardagi hamda ularning loyihalaridagi korrupsiya uchun shart-sharoitlar yaratadigan qoidalar va normalarni aniqlash maqsadida ushbu hujjatlar va loyihalarning tahlilini amalga oshiradi; korrupsiyaga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish boʻyicha choralar koʻradi; korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi boshqa organlar hamda tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi; korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.