Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti oʻz vakolatlari doirasida: korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi; jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish bilan bogʻliq jinoyatlar, iqtisodiy va korrupsiya bilan bogʻliq boshqa jinoyatlar boʻyicha tezkor-qidiruv faoliyatini, tergovga qadar tekshiruvni, surishtiruvni va dastlabki tergovni amalga oshiradi; jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishning ehtimol tutilgan yoʻllari va mexanizmlarini aniqlash uchun pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalarning monitoringini tashkil etadi hamda oʻtkazadi; jinoiy taʼqib etishni tashkil qilish va huquqiy taʼsir koʻrsatishning boshqa choralarini koʻrish uchun tegishli davlat organlarini korrupsiyaga oid aniqlangan huquqbuzarliklar toʻgʻrisida oʻz vaqtida xabardor qiladi; korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oʻz vaqtida oldi olinishini, aniqlanishini va ularga chek qoʻyilishini taʼminlashga, ularning oqibatlarini, shuningdek ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga doir tadbirlarni ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi; korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi boshqa organlar hamda tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi; korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.