Davlat organlarining xodimlari mansab yoki xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida manfaatlar toʻqnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin boʻlgan shaxsiy manfaatdorlikka yoʻl qoʻymasligi kerak. Manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelgan taqdirda, davlat organlarining xodimlari oʻzining bevosita rahbarini darhol xabardor qilishi kerak. Manfaatlar toʻqnashuvi mavjudligi toʻgʻrisida maʼlumotlar olgan rahbar bu toʻqnashuvning oldini olish yoki uni bartaraf etish yuzasidan oʻz vaqtida choralar koʻrishi shart. Davlat organlarining maxsus boʻlinmalari yoki odob komissiyalari manfaatlar toʻqnashuvini hal etish qoidalariga rioya etilishi yuzasidan monitoringni amalga oshiradi. Davlat organlarining manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish yoki uni bartaraf etish talablari buzilishiga yoʻl qoʻygan xodimlari, shuningdek ularning rahbarlari qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladi.