Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida 25-modda. Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni oʻz vaqtida aniqlash va ularga chek qoʻyishga, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini taʼminlashga doir chora-tadbirlar

Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni oʻz vaqtida aniqlash va ularga chek qoʻyishga, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini taʼminlashga doir chora-tadbirlar quyidagilardan iborat: korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlarining korrupsiyaning holatini va tendensiyalarini tizimli tahlil qilishga asoslangan samarali ishini tashkil etish, ularning faoliyatida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga yoʻl qoʻymaslik; korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga qarshi kurashning zamonaviy shakllari va usullaridan foydalanish, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning texnik taʼminoti darajasini oshirish, ularning ishiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish; sudlarning mustaqilligi va erkinligini, ular faoliyatining ochiqligini taʼminlash; korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari oʻrtasida muvofiqlashtirishni va hamkorlikni taʼminlash; jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar faktlariga doir murojaatlari toʻliq, xolisona va oʻz vaqtida koʻrib chiqilishini taʼminlash; korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar toʻgʻrisida axborot bergan shaxslarning himoya qilinishini taʼminlash; korrupsiyaga qarshi kurashning samarali jinoyat-huquqiy va jinoyat-protsessual mexanizmlarini yaratish.