Litsenziyalash sohasidagi vakolatli organlar: talabgorlarning murojaatlarini qabul qiladi va koʻrib chiqadi; litsenziyalar beradi yoki ularni berishni rad etadi, litsenziyalarning amal qilishi muddatini uzaytiradi; litsenziatlar tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qiladi; litsenziyalarni qayta rasmiylashtiradi; litsenziyalarning amal qilishini toʻxtatib turadi, qayta tiklaydi; litsenziyalarni bekor qiladi yoki ushbu Qonunning 33-moddasida nazarda tutilgan hollarda va tartibda litsenziyalarni bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza bilan sudga murojaat qiladi; litsenziyalarni oʻzgartiradi; litsenziyalar reyestrini yuritadi. Litsenziyalash sohasidagi vakolatli organlar qonunga, shuningdek faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash haqidagi nizomlarga va ularning pasportlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin. Litsenziyalash sohasidagi vakolatli organlar ushbu vakolatli organlar tomonidan litsenziyalanadigan faoliyatni amalga oshiradigan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarni tashkil etishga yoki ularning faoliyatida muassislar, aksiyadorlar yoxud ishtirokchilar sifatida ishtirok etishga haqli emas, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.