Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilish muddati, qoida tariqasida, cheklanmaydi, bundan ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarda va ularning pasportlarida nazarda tutilgan hollar, shuningdek bir martalik harakatni bajarish uchun beriladigan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar mustasno. Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilish muddati tugagach, u talabgorning arizasiga koʻra uzaytirilishi mumkin. Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilish muddatini uzaytirish haqidagi ariza ushbu Qonunning 25-moddasida nazarda tutilgan tartibda vakolatli organga topshiriladi. Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilish muddatini uzaytirish ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish uchun nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi. Ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarda ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilish muddatini uzaytirishning soddalashtirilgan tartibi belgilanishi mumkin. Agar ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish tanlov (tender) asosida amalga oshirilayotgan boʻlsa, ruxsat berish talablari va shartlariga lozim darajada rioya etgan talabgor ushbu hujjatning amal qilish muddatini uzaytirishda ustuvor huquqqa ega boʻladi. Agar ruxsat berish talablari va shartlariga lozim darajada rioya etgan talabgorning taklifi tanlovda (tenderda) ishtirok etuvchi boshqa talabgorning eng maqbul taklifiga teng qiymatda boʻlsa, ushbu ustuvorlik qoʻllaniladi.